OAK sayti » Ma'lumotlar » OAK haqida
 
13 may 2013

OAK haqida

Kategoriya: Ma'lumotlar

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi

 

     O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 31-martdagi PF–371-son Farmoni bilan tashkil etilgan va oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish masalalari bo‘yicha vakolatli davlat organi hisoblanadi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 28-dekabrdagi «Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim hamda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 365-sonli qarori bilan  OAKning asosiy vazifalari sifatida quyidagilar belgilangan:

  • oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish sohasida O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning amalda bajarilishini ta’minlash;
  • oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, ushbu faoliyatni tashkil etish, nazorat qilish va muvofiqlashtirish;
  • doktorlik dissertatsiya ishlariga hamda fan doktori ilmiy darajasi va ilmiy unvonlar talabgorlariga talablarning yagonaligini ta’minlash;
  • ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarning sifat tarkibini yaxshilashga, jamiyat va davlat ehtiyojlarini, fan, ta’lim, texnika va texnologiyalarni rivojlantirish istiqbollarini hisobga olgan holda ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlardan foydalanish samaradorligini oshirishga ko‘maklashish;
  • ortiqcha byurokratik jarayonlarni yo‘qotishga yo‘naltirilgan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish tizimini doimiy ravishda takomillashtirish;
  • oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazishning barcha bosqichlarida OAK faoliyatining ochiqligi va shaffoflikni ta’minlash;
  • oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazishning barcha bosqichlarida xolislikni ta’minlash;
  • fan doktori ilmiy darajasi va ilmiy unvonlarga qo‘yiladigan malaka talablarining xalqaro standartlarga muvofiqligini ta’minlash.

OAK o‘ziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:

  • oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish va ilmiy kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish ishida xalqaro hamkorlik bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshirish sohasida respublika Fanlar akademiyasi, vazirliklari, idoralari, ilmiy tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtiradi;
  • talabgorlarning ilmiy va ilmiy-pedagogik ishlarni olib borishga layoqatini aniqlash bo‘yicha test sinovlari natijalari asosida fan doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya tadqiqotlari mavzularini muvofiqlashtiradi, monitoringini olib boradi, shuningdek ularni ro‘yxatdan o‘tkazadi;
  • katta ilmiy xodim-izlanuvchilar va mustaqil izlanuvchi institutlari tomonidan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash sifatining tizimli monitoringini olib boradi;
  • fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengashlar va ekspert kengashlar ishini shakllantirish va tashkil etish tartibi bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlarni, fan doktori ilmiy darajasini va ilmiy unvonlarni berish tartiblari to‘g‘risidagi nizomlarni o‘z vakolatlari doirasida ishlab chiqadi va belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
  • vazirliklar va idoralar, Fanlar akademiyasining iltimosnomalari bo‘yicha oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot muassasalari huzurida fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengashlarni tashkil etadi, ularning shaxsiy tarkibini tasdiqlaydi, ilmiy kengashlarga dissertatsiyalarni himoyaga qabul qilish huquqini beruvchi ixtisosliklar ro‘yxatini belgilaydi;
  • fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengashlar faoliyati ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi va ular ishi monitoringini olib boradi, ekspert kengashlarning takliflari asosida ularning faoliyatini tugatadi yoki to‘xtatadi;
  • doktorlik dissertatsiyalarining asosiy ilmiy natijalarini e’lon qilish uchun tavsiya etiladigan yetakchi ilmiy jurnallar va nashrlar, shu jumladan elektron ilmiy-texnik jurnallar ro‘yxatini belgilaydi;
  • manfaatdor vazirliklar, idoralar va tashkilotlar bilan birgalikda fan, texnika, ta’lim va madaniyatni rivojlantirish yo‘nalishlari bo‘yicha oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar ixtisosliklar ro‘yxatini  takomillashtirish ishlarini olib boradi;
  • fan doktori ilmiy darajasini olish uchun himoya qilingan dissertatsiyalarning davlat ekspertizasini o‘tkazadi;
  • tegishli ilmiy kengashning fan doktori ilmiy darajasini berish to‘g‘risidagi qarorini tasdiqlaydi, oliy ta’lim muassasalari kengashlari yoki ilmiy-tadqiqot muassasalari ilmiy kengashlari taqdimnomasi bo‘yicha professor, dotsent va katta ilmiy xodim ilmiy unvonlarini beradi;
  • O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga yoki O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan va ishlaydigan xorijiy mamlakatlar fuqarolariga xorijiy mamlakatlar attestatsiya organlari tomonidan berilgan fan doktori ilmiy darajasi to‘g‘risidagi hujjatlarni nostrifikatsiya (ekvivalentlikni aniqlash) qiladi;
  • davlat namunasidagi fan doktori diplomlarini, professor, dotsent va katta ilmiy xodim attestatlarini rasmiylashtiradi;
  • OAKga tushgan apellyasiyalar, takliflar, arizalar va shikoyatlarni ko‘rib chiqadi;
  • manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda mamlakatni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning ustuvor vazifalariga muvofiq rejalashtiriladigan doktorlik dissertatsiyasi tadqiqotlari mavzularini muvofiqlashtirish va doktorlik dissertatsiyasi tadqiqotlarini muhokama qilish uchun fan tarmoqlari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengashlar tashkil etadi;
  • himoya qilingan dissertatsiya ishlarini tahlil qiladi va respublika vazirliklariga, idoralariga dissertatsiya ishlarida bayon qilingan ilmiy tadqiqotlar bajarilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning dissertatsiya ishlari natijalarini amaliyotga joriy etish mumkinligi to‘g‘risidagi tegishli tavsiyalar bilan birgalikda yuborilishini ta’minlaydi;
  • OAK vakolatiga tegishli masalalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining boshqa davlatlar bilan xalqaro shartnomalari loyihalarini tayyorlashda qatnashadi;
  • o‘ziga yuklangan vazifalar doirasida xorijiy mamlakatlarning attestatsiya organlari bilan o‘zaro hamkorlik o‘rnatadi va uni amalga oshiradi hamda belgilangan tartibda axborot ayirboshlashni tashkil etadi.

 

OAK o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:

  • Fanlar akademiyasi, vazirliklar, idoralar va tashkilotlardan o‘ziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun zarur bo‘lgan axborot va materiallarni belgilangan tartibda olish;
  • oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish masalalari bo‘yicha davlatlararo muzokaralarda ishtirok etish;
  • ekspert kengashlarining qarorlari asosida fan doktori ilmiy darajasini berish bo‘yicha bir martalik ilmiy kengashlar tashkil etish va ularning ishini nazorat qilish;
  • OAK Rayosati majlislarida ish tajribasini o‘rganish va umumlashtirish maqsadida fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengashlar va ekspert kengashlari raislarining hisobotlarini eshitish;
  • malakaviy imtihonlar ro‘yxatini belgilash va ularning tashkil etilishi va saviyasini nazorat qilish;
  • fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengashlar ishlab turgan tashkilotlardan belgilangan tartibda har yilgi hisobotlarni hamda respublikada oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish va tadbirlarni amalga oshirish uchun vazirliklar va idoralardan zarur axborotni olish;
  • oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish tizimini takomillashtirish, dissertatsiya tadqiqotlarining sifati ilmiy va amaliy ahamiyatini oshirish bilan bog‘liq muammolarni hal etish uchun idoralararo kengashlarni belgilangan tartibda chaqirish;
  • o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalar doirasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish, oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish masalalari bo‘yicha xalqaro tashkilotlar, kengashlar, konferensiyalar ishida qatnashish;
  • dissertatsiyalarga qo‘yiladigan talablarga muvofiq fan va iqtisodiyot tarmoqlari uchun ahamiyati yuzasidan qo‘shimcha xulosa olish maqsadida dissertatsiya ishlarini zarur hollarda fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengashlarga yuborish;
  • oliy ta’lim muassasalari yoki ilmiy-tadqiqot muassasalari ilmiy va tegishli kengashlarining tavsiyalariga binoan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni ilmiy darajalar va ilmiy unvonlardan belgilangan tartibda mahrum qilish yoki ularni tiklash;
  • o‘z vakolatlari doirasida vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiy bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarni belgilangan tartibda qabul qilish;
  • zarur hollarda boshqa vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar bilan birgalikda qo‘shma qarorlar va boshqa hujjatlarni chiqarish.

 

OAK o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi  Oliy attestatsiya komissiyasi to‘g‘risidagi nizom»ga muvofiq bajarishga majbur, respublikada oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish tizimining holati va uni takomillashtirish yuzasidan javob beradi.

 

OAKga Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan rais boshchilik qiladi. U OAKga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi yuzasidan shaxsan javob beradi.

OAK raisi, bosh ilmiy kotib hamda fanning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha fan, texnika, ta’lim va madaniyat sohasidagi etakchi olimlar va mutaxassislardan iborat bo‘lgan Rayosat OAKning rahbarlik qiluvchi ijro organi hisoblanadi. Rayosatning shaxsiy tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Rayosat ishiga OAK raisi rahbarlik qiladi. Zaruriyat bo‘lganda OAK raisi Rayosat a’zolari tarkibini qisman o‘zgartirish bo‘yicha taklifni belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

 

OAKning apparati uning ijro organi hisoblanadi. OAK apparatining tuzilmasi va xodimlarining cheklangan soni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. OAK apparati tarkibi Kotibiyat, Monitoring bo‘limi va Axborot-tahlil bo‘limi, shuningdek, buxgalteriyadan iborat.

 

Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazishga taalluqli attestatsiya ishlari va boshqa hujjatlar bo‘yicha qabul qilingan qarorlarning normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiqligini ta’minlash maqsadida, shuningdek, OAK faoliyatining kollegial qarorini va uning bajarilishi yuzasidan nazoratni talab etadigan joriy masalalarini ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish uchun OAK raisi, bosh ilmiy kotib, ilmiy yo‘nalishlar bo‘yicha bosh inspektorlar, shuningdek, OAK bo‘limlari boshliqlaridan iborat tarkibda OAKning Tartib-qoida komissiyasi tashkil etilgan.

 

Taqdim etilgan doktorlik dissertatsiyalarini, ularning ilmiy va amaliy ahamiyatini ilmiy ekspertizadan o‘tkazish, fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengashlar ishini va attestatsiya o‘tkazishda talablarning yagonaligi ta’minlanishini nazorat qilish, ilmiy daraja berish va ilmiy unvonlar berish to‘g‘risidagi iltimosnomalarni ko‘rib chiqish, shuningdek OAK Rayosatiga tavsiyalar tayyorlash uchun fan, texnika, ta’lim va madaniyat sohasidagi etakchi olimlar va mutaxassislardan fan yo‘nalishlari bo‘yicha ekspert kengashlari tashkil etilgan. Hozir 16 ta ekspert kengashi muvjud.

 

OAK oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish masalalari bo‘yicha «OAK Byulleteni» jurnalini nashr etadi. «OAK Byulleteni» jurnalida izlanuvchilarning dissertatsiya tadqiqotlari mavzulari, dissertatsiya annotatsiyasi bilan birgalikda doktorlik dissertatsiyalari himoya qilinishi, talabgorlarga fan doktori ilmiy darajasi berilishi hamda ilmiy unvonlar berilishi to‘g‘risidagi axborot va boshqa ma’lumotlar ham beriladi. «OAK Byulleteni» jurnali o‘z xarajatlarini o‘zi qoplash asosida nashr etiladi. «OAK Byulleteni» jurnalining bir yilda oltita soni nashr qilinadi.

Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazishda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida OAK faoliyati masalalari OAK veb-saytida yoritib boriladi.